O‘zbekistonda barqaror token emitentlariga chiqarilayotgan tokenlar ta’minoti sifatida davlat qimmatli qog‘ozlaridan foydalanishga ruxsat berildi, bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.
O‘zgartirishlar agentlik va Markaziy bankning qo‘shma qarori bilan barqaror tokenlar muomalasini tartibga soluvchi maxsus huquqiy rejim to‘g‘risidagi nizomga kiritildi. Hujjat 22-iyul kuni 3818-1-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Avval ta’minotni milliy yoki xorijiy valyutadagi pul mablag‘lari hisobidan shakllantirish mumkin edi. Endi emitentga tegishli O‘zbekiston davlat qimmatli qog‘ozlari ham ta’minot sifatida qabul qilinadi.
Pul mablag‘lari alohida hisobvaraqqa joylashtiriladi, qimmatli qog‘ozlar esa Markaziy bank foydasiga bloklanadi. Bunda emitent bloklangan qimmatli qog‘ozlardan daromad olish huquqini saqlab qoladi.
Muomaladagi barqaror tokenlarning jami nominal qiymati alohida hisobvaraqdagi pul va bloklangan davlat qimmatli qog‘ozlarining nominal qiymati yig‘indisidan oshmasligi kerak.
Ta’minotni shakllantirishda quyidagilardan foydalanish mumkin emas:
- kredit mablag‘lari;
- garovga olingan aktivlar;
- boshqa jalb qilingan mablag‘lar.
Yangi qoidalar barqaror tokenlar muomalasini nazorat ostida sinovdan o‘tkazish va ularning foydalanuvchilarini himoya qilishga mo‘ljallangan maxsus huquqiy rejim doirasida amal qiladi.








