Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan ekologik reydlar yakunida 48 ta ma’muriy bayonnoma tuzildi, bu haqda O‘zbekiston Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘llangan jarimalarning umumiy miqdori 316,3 mln so‘mni tashkil etdi. Tekshiruvlar viloyatning Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Zangiota va Qibray tumanlarida, shuningdek poytaxtning Yangihayot, Yunusobod va Sergeli tumanlarida o‘tkazildi.
Inspektorlar transport vositalari yordamida qurilish chiqindilarini belgilangan joylardan tashqariga tashish va tashlab ketish holatlarini aniqladi. Qo‘mita bunday harakatlarni tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi talablari buzilishi deb baholaydi.
Tekshiruvlar davomida bir yil ichida chiqindilarni noqonuniy tashlash bilan bog‘liq qoidabuzarlikni takror sodir etgan haydovchi ham aniqlandi. Ushbu holat bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish uchun tayyorlanmoqda.
Qo‘mita chiqindilarni noqonuniy tashlash hududlarning sanitariya va ekologik holatini yomonlashtirishi hamda qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatdi.
Ekologiya politsiyasi bunday reydlarni O‘zbekistonning barcha hududlarida doimiy ravishda davom ettirishni rejalashtirmoqda.








