Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida Tracker-2 yukxonasidan umumiy og‘irligi 1 kg bo‘lgan, gashish deb ko‘rsatilgan ikki bo‘lak modda topildi, deya xabar berdi viloyat IIB.
Tadbir Qo‘qon shahar IIB va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazildi. Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan Sh. T. boshqaruvidagi avtomobil to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi; modda daliliy ashyo sifatida olindi.
Surishtiruv ma’lumotiga ko‘ra, moddani tashish uchun 1982-yilda tug‘ilgan, Qo‘shtepa tumanida yashovchi M. A. bergan. IIB uning ham ushlanganini ma’lum qildi.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov davom etmoqda.








