Jamiyat

O‘zbekistonda ijtimoiy yordam uch darajaga bo‘lindi

Shoshilinch yordam roziliksiz ko‘rsatilishi mumkin, ayrim normalar esa 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi binosi — kontekstual surat

O‘zbekistonda 23-iyul kuni ijtimoiy xizmatlar va yordamning yagona tizimini belgilagan “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi, bu haqda hujjatning rasmiy qaydida ko‘rsatilgan.

Ijtimoiy ish tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladi. Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi maxsus vakolatli organ etib belgilandi.

Qonun ijtimoiy xizmatlar va yordamni uch darajaga ajratadi:

  • Birlamchi — og‘ir hayotiy vaziyatning oldini olish, erta yordam va yashash joyida qo‘llab-quvvatlash.
  • Ixtisoslashgan — shaxs yoki oilaning ehtiyojlariga qarab tegishli mutaxassislarning muvofiqlashtirilgan yordami.
  • Yuqori ixtisoslashgan — muassasada yoki mobil guruh ishtirokida uyda doimiy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar va parvarish.

Xizmatlar uyda, jumladan onlayn tarzda, mahallada hamda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarda taqdim etilishi mumkin. Yordam darajasi va ko‘rsatiladigan joy shaxs yoki oilaning ehtiyojiga bog‘liq bo‘ladi.

Ehtiyoj daromad, yashash sharoiti, bandlik va boshqa ko‘rsatkichlar, shuningdek ariza, uchinchi shaxslar ma’lumoti yoki ommaviy axborot vositalaridagi xabarlar asosida aniqlanishi mumkin. Muhtoj deb topish mezonlarini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Odatda xizmat ko‘rsatish uchun oluvchining yoki uning qonuniy vakilining arizasi va roziligi asos bo‘ladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda yordam roziliksiz ham ko‘rsatilishi mumkin.

Qonun va sifat standartlariga rioya etilishini Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya nazorat qiladi. Umumiy normalar 23-iyuldan amal qiladi, xizmat ko‘rsatuvchilar reyestri va xizmat standartlariga oid qoidalar esa 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Samira GanievaКорреспондент