O‘zbekistonda ipoteka subsidiyasi uchun arizalarni qabul qilish 27-iyul kuni soat 15:00 da avval berilgan subsidiya xabarnomalarining amal qilish muddati doirasidagi foydalanilmagan qoldiq hisobidan qayta boshlanadi, deya xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Subsidiyani olish uchun arizachi asosiy shartlarning barchasiga bir vaqtda javob berishi kerak:
- ijtimoiy mezonlar bo‘yicha kamida 30 ball to‘plash;
- o‘rtacha oylik daromadi belgilangan ijtimoiy mezonlarga mos bo‘lishi;
- arizachi hamda uning turmush o‘rtog‘i nomida O‘zbekiston hududida uy-joy bo‘lmasligi;
- kredit tarixi ishtirokchi banklardan kamida bittasining ichki talablariga mos kelishi.
Arizani Davlat xizmatlari markazida, myGov mobil ilovasi yoki davlat xizmatlari portali orqali topshirish mumkin.
Ma’lumotlarni tekshirish vaqtida OneID tizimida ishtirokchi banklarga zarur shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lishi kerak. Kredit tarixini olishga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov ham o‘chirilishi lozim, aks holda arizani ko‘rib chiqish bloklanib, rad javobi berilishi mumkin.
Harbiy xizmatchilar va kuch tuzilmalari xodimlari arizani Davlat xizmatlari markazida shaxsan topshiradi.
Dasturda 15 ta bank ishtirok etadi:
- Agrobank
- Aloqabank
- Asakabank
- Asia Alliance Bank
- Biznesni rivojlantirish banki
- Hamkorbank
- Ipak Yuli Bank
- Ipoteka Bank OTP Group
- Mikrokreditbank
- Orient Finans Bank
- Trastbank
- Turonbank
- Xalq banki
- O‘zbekiston Milliy banki
- O‘zsanoatqurilishbank
Davlat xizmatlari portaliga ko‘ra, xizmat jismoniy shaxslarga quyidagi shartlarda ko‘rsatiladi:
- ariza topshirish bepul;
- arizani to‘ldirish taxminan 10 daqiqa oladi;
- ko‘rib chiqish muddati to‘rt ish kunigacha;
- ariza topshirish uchun qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmaydi.
Xizmatga Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-son qarori huquqiy asos bo‘ladi.








