O‘zbekiston va Yaponiya Toshkentda qo‘shma universitet tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzoladi, deb Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Hujjatni videokonferensiya orqali vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov va Sukuba universiteti prezidenti Kyosuke Nagata imzoladi. Yangi oliygoh O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq mustaqil yuridik shaxs sifatida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Universitetga vazirlik va Sukuba universiteti muvofiqlashtiradigan Yaponiya universitetlari konsorsiumi ta’sischilik qiladi.
Dastlab magistraturada ikki yo‘nalish — sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya hamda biznes boshqaruvi bo‘yicha dasturlar ochilishi ko‘zda tutilgan. Keyingi bosqichda bakalavriat va doktorantura dasturlari ishga tushiriladi.
Ta’lim ingliz tilida Yaponiya oliy ta’lim modeli asosida olib boriladi. Talabalar uchun Yaponiyada qisqa muddatli dasturlar, shuningdek, yapon tili va madaniyati kurslari ham tashkil etiladi.
O‘zbekiston tomoni kampus va zamonaviy o‘quv-ilmiy infratuzilmani yaratishi, o‘qituvchilar hamda ma’muriy xodimlar faoliyatini moliyalashtirishi kerak. Sukuba universiteti o‘quv dasturlari, professor-o‘qituvchilarni jalb qilish va akademik almashinuvlarga ko‘maklashadi.
Tayyorgarlik ofisini 2026-yil sentyabrida Toshkentda ochish rejalashtirilgan. Magistratura dasturlariga ilk qabul 2028/2029-o‘quv yiliga mo‘ljallangan.








