Jamiyat

Polsha O‘zbekiston fuqarosini chiqarib yubordi va unga 10 yilga kirishni taqiqladi

Erkak Belarus bilan chegaradan noqonuniy migrantlarni Polsha ichkarisiga tashishni tashkil qilgan.

Chegara xizmati xodimlari erkakni xizmat avtomobili tomon kuzatib bormoqda

Polsha qaytarish to‘g‘risidagi qarordan so‘ng O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi, deya xabar berdi Polsha Chegara xizmatining Nadbużański bo‘linmasi.

Lublindagi Chegara xizmati xodimlari, jumladan Zamość dala guruhi, erkakni mamlakatda bo‘lish qonuniyligini tekshirish vaqtida ushlagan. U shu paytgacha Zamość qamoqxonasida ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab, ozodlikka chiqqan edi.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, erkak Polsha va Belarus chegarasidan noqonuniy migrantlarni Polsha hududining ichkari qismiga tashishni tashkil qilgan. U qonunni bila turib buzgan va katta miqdorda moliyaviy manfaat ko‘rgan.

Rasmiylar uning mamlakatda qolishi jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladi, degan xulosaga kelgan. Shundan so‘ng erkakni qaytarish to‘g‘risida qaror chiqarilgan.

Chegara xizmati xodimlari uni Varshava-Okęcie havo chegara punktiga olib borgan. Erkak shu yerdan Polsha hududini tark etgan.

Polshada chegarani noqonuniy kesib o‘tishga yordam berish, bunday harakatni tashkil qilish va chegarani noqonuniy kesib o‘tgan odamlarni tashish 264-moddaning 2 va 3-qismlari bo‘yicha jinoyat sifatida baholanishi mumkin. Vaziyatga qarab, sud olti oydan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashi mumkin.

Erkakka Polsha va Shengen hududidagi boshqa mamlakatlarga 10 yil davomida kirish taqiqlandi.

Rustam AbduazizovРедактор