AI chiplari ishlab chiqaruvchi Etched $300 mlnlik C seriya raundini $10,3 mlrd bahoda yopdi. Bu dekabrdagi ko‘rsatkichdan ikki baravar yuqori, deya xabar berdi TechCrunch.
Raundga Sequoia fondi yetakchilik qildi. Unda Andreessen Horowitz, SK Hynix, Jane Street va Diffusion Capital ham qatnashdi. Dekabrda startap $5 mlrd bahoda $500 mln jalb qilgan edi.
Kompaniyaning bildirishicha, uning ilk chiplar partiyasi TSMC quvvatlarida ishlab chiqarilgan, tayyor tizimlar mijozlar tomonidan sinovdan o‘tkazilmoqda va rasmiylashtirilgan buyurtmalar hajmi $1 mlrdga yetgan.
Etched alohida protsessorlar emas, balki inferens — AI modeli foydalanuvchiga javob yaratadigan bosqich uchun to‘liq tizimlarni sotadi. Kompaniya uskunalar transformer modellarini, jumladan Mixture of Experts arxitekturasini, shuningdek Mamba kabi boshqa turdagi modellarni ham qo‘llashini aytmoqda.
So‘rovni qayta ishlashda inferens kontekstni dastlabki hisoblash va javobni yaratish bosqichlariga bo‘linadi. Birinchi bosqichni past kuchlanishda ishlaydigan chip tezlashtiradi, ikkinchisi uchun esa Etched bir nechta protsessorni bog‘laydigan umumiy xotira yaratgan.
«Biz bu texnologiyani cluster-scale memory deb ataymiz. U ko‘plab chiplarni umumiy xotira puliga juda yuqori tezlik va past kechikish bilan ulash imkonini beradi», — Robert Wachen, Etched hammuassisi va operatsion direktori
Tizimlardan hozircha faqat investorlar va dastlabki mijozlar foydalana oladi. Kompaniyada qariyb 400 kishi ishlaydi; u Milpitasda 80 ming kvadrat fut maydonga va 10 MVt quvvatga ega obyekt ochgan, biroq server stoykalarini ommaviy ishlab chiqarish va yetkazib berish hali boshlanmagan.








