iOS 27 beta-kodida bo‘lib to‘lash asosida olingan iPhone’da to‘lov muammosi yuz bersa, ilovalarni cheklashi mumkin bo‘lgan mexanizm topildi, deb yozdi 9to5Mac.
App Managed Features tizimi vakolatli moliyaviy hamkor ilovasiga shartnoma holatini tekshirish imkonini beradi. Restricted Mode ishga tushsa, aksariyat ilova va xizmatlar ishlamasligi mumkin.
Aniqlangan ruxsat etilgan funksiyalar ro‘yxatida telefon, soat, sozlamalar, App Store, Wallet, Health, Passwords, Magnifier va Accessibility Reader bor. Messages, Home hamda ayrim muhim ilovalarning ochiq qolishi sozlamaga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Kodda o‘tkazib yuborilgan to‘lovlarning qat’iy soni belgilanmagan. Cheklovni yoqish moliyaviy tashkilot qoidalariga bog‘liq bo‘lishi kerak, hamkor esa qurilma geolokatsiyasiga kira olmaydi.
Mexanizm qurilmani o‘chirish, qayta sotish yoki qismlarga ajratishdan himoya qilishni ham nazarda tutadi. Apple funksiyani rasman e’lon qilmagan: beta-kod o‘zgarishi yoki yakuniy relizga kirmasligi mumkin.








