Texnologiyalar

Korporativ HDD yetkazib berish yiliga 23% o‘sishi mumkin

Sun’iy intellekt infratuzilmasi va bulutli xizmatlar o‘sishi fonida disk hamda qismlar ishlab chiqaruvchilari quvvatni oshirmoqda.

18 TB sig‘imli Seagate Exos X18 korporativ qattiq diski, arxiv tasviri

Ma’lumotlar markazlari uchun korporativ nearline qattiq disklar yetkazib berilishi 2025–2030-yillarda yiliga o‘rtacha 23% ga o‘sishi mumkin, deya yozdi The Elec TrendForce prognoziga tayanib.

Talabni sun’iy intellekt infratuzilmasiga investitsiyalar, bulutli xizmatlarning kengayishi, yarimo‘tkazgichlar narxining oshishi va katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlashda HDDlarning iqtisodiy samaradorligi qo‘llab-quvvatlamoqda. Gap butun qattiq disklar bozori emas, aynan korporativ nearline qurilmalar haqida bormoqda.

Ishlab chiqaruvchilar disklar sig‘imini oshirib, yangi avlod mahsulotlarini tayyorlamoqda:

  • Western Digital taxminan 40 TB sig‘imli disklarni malaka sinovidan o‘tkazmoqda va 2029-yilgacha HDD sig‘imini 100 TB ga yetkazishni rejalashtirgan;
  • Seagate bulutli xizmat ko‘rsatuvchilarga 44 TB gacha bo‘lgan HAMR disklarini yetkazib bermoqda;
  • Toshiba 30–34 TB sig‘imli 12 plastinali modellarni taklif qilmoqda va 2027-yilda 40 TB toifasidagi disklarni chiqarishni rejalashtirgan.

Magnit kallaklar, disklar, shisha asoslar va boshqa qismlar yetkazib beruvchilari ham ishlab chiqarish quvvatini oshirmoqda. Ular orasida TDK, Resonac, HOYA, JX Advanced Metals va Nitto Denko bor.

Resonac alohida ma’lum qilishicha, magnit disklar ishlab chiqarish bo‘yicha yillik quvvatini qariyb 160 mln donadan 210 mln donaga, ya’ni 31% ga oshiradi. Singapur asosiy ishlab chiqarish markaziga aylanadi, qo‘shimcha liniyalar esa 2027-yildan boshlab bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.

Kompaniya o‘rta va uzoq muddatli talab o‘sishini generativ sun’iy intellekt va bulutli xizmatlar bilan bog‘lamoqda. Biroq ishlab chiqaruvchilarning yo‘l xaritalari har bir e’lon qilingan model aynan belgilangan muddatda chiqishini kafolatlamaydi.

Ruslan GainullinКорреспондент