Patreon platformasi shtatning 20 foizini — 93 nafar xodimni qisqartiradi, bu haqda kompaniya hammuassisi va bosh direktori Jek Konte ma’lum qildi.
Rahbar platformaning asosiy biznesi barqarorligini, biroq texnologiya bozoridagi tezkor o‘zgarishlar fonida xarajatlar va tashkiliy tuzilmani moslashtirish zarurligini bildirdi.
Patreon boshqaruv pog‘onalarini qisqartirib, jamoalarni asosiy ustuvor yo‘nalishlar atrofida qayta tashkil etmoqchi. Platformaning yo‘l xaritasi va asosiy rivojlanish yo‘nalishlari o‘zgarmaydi.
Ishdan bo‘shatiladigan xodimlarga kamida 16 haftalik maosh miqdorida tovon puli va har bir ishlagan yil uchun yana bir haftalik haq taklif etiladi. Tibbiy sug‘urta yil oxirigacha saqlanadi, shuningdek ish noutbukini almashtirish uchun 1500 dollar ajratiladi.
Konte qisqartirishlar odamlarni sun’iy intellekt bilan almashtirish maqsadiga bog‘liq emasligini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, SI ish va mahsulot yaratish usullarini o‘zgartirmoqda, ammo inson ijodkorligi, mulohazasi va mahoratining o‘rnini bosa olmaydi.








