Jamiyat

O‘rmon yerlarini faqat prezident qarori bilan o‘tkazish taklif qilindi

Qonun loyihasi uchinchi o‘qishdan o‘tdi: uni 102 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi.

Zomin qo‘riqxonasidagi tog‘-o‘rmon manzarasi, kontekstual surat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston o‘rmon fondi yerlarini himoya qilishni kuchaytiruvchi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi.

Loyihada o‘rmon fondi yerlari alohida muhofaza etiladigan toifaga kiritiladi. Bunday uchastkani qurilish, qishloq xo‘jaligi, sanoat yoki boshqa toifaga faqat prezident qarori bilan o‘tkazish taklif etilmoqda; ilgari bu masala Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tartibga solingan.

Yakuniy ovoz berishdan oldin hujjat norezidentlarga yer ijarasi va yerdan foydalanish muddatlarini uzaytirishga oid loyiha bilan birlashtirildi. Birlashtirilgan loyihani 102 nafar deputat qo‘lladi, bir nafari betaraf qoldi, yana olti nafari ovoz bermadi.

O‘rmon fondiga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi alohida qonun 28-iyundan beri amal qilmoqda. O‘rmon yerlarini noqonuniy ajratish va qurish uchun quyidagi jarimalar belgilangan:

  • fuqarolar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha: 20,6–41,2 mln so‘m, 1-sentabrdan esa 22–44 mln so‘m;
  • mansabdor shaxslar uchun — BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha: 41,2–82,4 mln so‘m, 1-sentabrdan esa 44–88 mln so‘m;
  • o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun — fuqarolarga 25 BHMgacha, mansabdor shaxslarga 75 BHMgacha: 1-sentabrdan mos ravishda 11 mln va 33 mln so‘mgacha.

Jarimalar allaqachon kuchga kirgan normalarga tegishli. Yangi qonun loyihasi o‘rmon yerlarining maqomi va ularni boshqa toifalarga o‘tkazish tartibini belgilaydi.

Samira GanievaКорреспондент