O‘zbekiston fuqarolarining biometrik pasportlarini himoya qiluvchi raqamli sertifikatlar yangilandi, deb xabar berdi Ichki ishlar vazirligi.
Ishlar 21-iyul kuni Monrealdagi Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) bosh qarorgohida bajarildi. Delegatsiya tarkibiga IIV Migratsiya va personallashtirish departamenti huzuridagi Personallashtirish markazi mutaxassislari kirdi.
Yangilanish ochiq kalitlar infratuzilmasi — PKI va davlatlar elektron safar hujjatlarini tekshirish ma’lumotlari bilan almashadigan xalqaro ICAO PKD reyestrini qamrab oldi. Jarayon ICAO Doc 9303 standarti talablariga muvofiq amalga oshirildi.
Yangi sertifikatlar ICAO PKD tizimiga a’zo barcha davlatlarga tarqatildi. IIV bu xorijdagi chegara xizmatlari O‘zbekiston biometrik pasportlarini tekshirayotganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarning oldini olishini kutmoqda.
Yangilanish pasportlardagi ma’lumotlar yaxlitligini mustahkamlashi va xalqaro safarlar xavfsizligini oshirishi kerak. O‘zbekiston elektron safar hujjatlari infratuzilmasini takomillashtirishni davom ettiradi.








