«Arsenal»ning sobiq himoyachisi Mikael Silvestr London klubiga Bredli Barkolani transfer qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni tavsiya etdi, deya uning izohini olgan nashr xabar berdi.
Silvestr tavsiyasini 23 yoshli vingerning PSJ va Fransiya terma jamoasidagi o‘yinlari, futbolchining yoshi hamda «Arsenal»ning maqsadlari bilan izohladi.
«Bu ham futbolchi, ham klub uchun aniq tanlov bo‘lardi. Bredliga kelsak, uning PSJ va milliy jamoadagi natijalari, faoliyatining ayni bosqichi — u hali ham yosh — hamda „Arsenal“ qurishga urinayotgan loyiha: chempionlikni saqlab qolish va Chempionlar ligasini yutishga urinishni hisobga olsak, men tomondan bunga 100 foiz yashil chiroq», — Mikael Silvestr.
Barkolaning PSJ bilan shartnomasi 2028-yil yozigacha amal qiladi. Nashrning qayd etishicha, Dezir Doue, Usmon Dembele va Xvicha Kvaratsxeliya bilan raqobat tufayli uning asosiy tarkibdagi o‘rni kafolatlanmagan.
Shu bilan birga, «Arsenal» taklif yuborgani yoki muzokara boshlagani tasdiqlanmagan. London klubi qiziqayotgani haqidagi xabarlar va «Liverpul»ning tilga olinishi hozircha transfer mish-mishlari darajasida qolmoqda.








