An’anaviy «Qovun sayli» 7–9-avgust kunlari Xivadagi Ichan-qal’a va «Arda Xiva» turistik majmuasi hududlarida o‘tkaziladi.
Festivalni Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi tashkil etadi. Viloyat shahar va tumanlari yarmarkada Xorazmda yetishtirilgan qovun navlarini namoyish qiladi, pavilyonlar esa mahalliy an’analar asosida bezatiladi.
Madaniy dasturdan quyidagilar o‘rin oladi:
- sahnalashtirilgan va qo‘g‘irchoq tomoshalari, milliy liboslar namoyishi hamda folklor jamoalarining chiqishlari;
- milliy taomlar, Xorazm noni va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari;
- mahorat darslari, amaliy-bezak va tasviriy san’at asarlari ekspozitsiyalari.
Eng faol ishtirokchilar viloyat hokimligi va tadbir hamkorlarining sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
8-avgust kuni «Arda Xiva» majmuasida rossiyalik xonanda MakSim konsert beradi. Konsertga kirish barcha uchun bepul bo‘ladi.








