Modifikatsiya qilingan Saab 340B 30 ming fut, ya’ni 9,1 kilometrdan yuqoriga ko‘tarilgan birinchi gibrid-elektr samolyot bo‘ldi, deb xabar berdi NASA.
Sinovlarni GE Aerospace, NASA, BETA Technologies va Boeing o‘tkazdi. GE Aerospace ma’lumotiga ko‘ra, gibrid rejimdagi eng uzoq parvoz ikki soatdan ortiq davom etgan, keyin BETA uchuvchilari samolyotni Shimoliy Atlantika orqali Buyuk Britaniyaga olib borgan.
Saab 340B ning o‘ng tomoniga megavatt sinfidagi tizim joylashgan teskari gondola o‘rnatildi. U CT7 dvigateli, elektr motor-generatorlar, konvertorlar, invertorlar, akkumulyatorlar va tortishni boshqaruvchi boshqa uskunalarni birlashtiradi.
Sinov paytida elektr qismi parrakni aylantirishga yordam berdi va ayni vaqtda akkumulyator uchun energiya ishlab chiqardi. Muhandislar tizimni tijorat yo‘lovchi samolyotlariga xos balandliklarda tekshirdi.
“Bu yutuq NASA aeronavtikada eng yaxshi bajara oladigan ishlarni aks ettiradi: biz dadil imkoniyatlarni o‘rganamiz, ularni qat’iy tadqiqot va sinovlar orqali tasdiqlaymiz hamda sanoat bilan birga ilg‘or g‘oyalarni amerikaliklarga haqiqiy foyda keltiradigan texnologiyalarga aylantiramiz”, — NASA Tadqiqot va texnologiya missiyalari boshqarmasi Aeronavtika bo‘limi direktori Lori Grindl.
Texnologiya o‘n yildan ortiq vaqt davomida ishlab chiqildi. 2022-yilda integratsiyalashgan kuch qurilmasi NASA stendida 45 ming futgacha bo‘lgan balandlik sharoitida sinovdan o‘tkazildi, shundan so‘ng jamoa yer va parvoz sinovlariga o‘tdi.
Saab 340B hozircha seriyali yo‘lovchi samolyoti emas, balki uchuvchi namoyish platformasidir. Ishlab chiquvchilar yechimlardan kelajakdagi gibrid tizimlarda yoqilg‘i sarfi va ekspluatatsiya xarajatlarini xususiyatlarni yomonlashtirmasdan kamaytirish uchun foydalanmoqchi. Samolyot Farnboro aviasalonining parvoz dasturida ham namoyish etildi.








