Yandex kompaniyasi Toshkent shahar hokimligi ko‘magida Yandex Maps xizmatidagi shahar panoramalarini yangiladi, deya xabar berdi O‘zA.
Tasvirga olish vaqtida panoramamobil poytaxt ko‘chalari va yo‘llari bo‘ylab 3400 kilometr masofani bosib o‘tdi. Natijada qariyb 130 mingta panorama tayyorlandi.
Xizmatda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Magic City, Tashkent City Mall va Olimpiya shaharchasi tasvirlari yangilandi. Yangi panoramalar Amir Temur shohko‘chasi, Shota Rustaveli, Bobur va Furqat ko‘chalarini ham qamrab oldi.
Raqamli infratuzilmani izchil rivojlantirish Toshkent shahar muhitining sifatini oshirish bo‘yicha ishlarning muhim qismidir. Dolzarb panorama tasvirlari shaharda yuz berayotgan o‘zgarishlarni, jumladan, yangi infratuzilma obyektlarining paydo bo‘lishi va ko‘cha-yo‘l tarmog‘ining rivojlanishini aniq aks ettirish imkonini beradi. Ushbu loyihani Yandex Uzbekistan bilan birgalikda amalga oshirish shahar haqidagi ma’lumotlarning ochiqligini, poytaxt aholisi va mehmonlari uchun navigatsiya qulayligini oshirishga, shuningdek, shahar xizmatlariga texnologik yechimlarni yanada keng joriy etishga xizmat qiladi — Abdurahmon Abdurashitovich Baxtiyev, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari
Foydalanuvchilar yo‘nalishni oldindan o‘rganishi, binoga kirish joyini topishi, tashkilot manzilini aniqlashi va yaqin atrofdagi mo‘ljallarni ko‘rishi mumkin. Panoramalar tanish ko‘cha va tumanlar qanday o‘zgarganini taqqoslash imkonini ham beradi.
Amir Temur maydoni, Mustaqillik maydoni, Toshkent teleminorasi, Chorsu bozori, Hazrati Imom majmuasi va Minor masjidi bo‘ylab virtual sayr qilish mumkin.








